Shifokorlar bemorlarni o‘z uylariga kelgan mehmon kabi iliq munosabatda kutib olib, izzat-ikrom bilan o‘zgacha hurmat ko‘rsatuvchi tilda suhbatlashadilar. Ultratovush (UZI) tekshiruvidan bir jarayonni misol qilsak. Bilamizki UZI ni amalga oshirish uchun tananing tekshiruv o‘tkaziladigan joyiga gel shakldagi yopishqoq suyuqlik suriladi. Yapon shifoxonalarida UZI tekshiruvidan keyin bemor o‘rnidan turmasdan shifokor/hamshira badanni maxsus oldindan isitilgan material bilan ehtiyotlab pokiza surtib qo‘yadi, ana undan keyin bemor xotirjam, noqulayliklarsiz o‘rnidan turadi.

Bundan tashqari Yaponiyada politsiyachi yoki odatdagi yaponliklardan yo‘l so‘rasangiz sizga astoydil o‘rgatib qo‘yishadi, yoki manzilingizni xaritasini chizib berishadi. Ba’zi hollarda hatto qo‘lingizdan yetaklab manzilingizga olib borib qo‘yishadi ham. Bunday g‘amxo‘rlik misollarini sanasak sanog‘i yo‘qdir. Nima uchun yaponlar bunday g‘amxo‘rlikni xuddi lozim ishdek amalga oshirishadi desangiz, bu shuning uchunki, dastlab qarshisidagi insonni o‘ylash, har qanday masalaga hamsuhbat nuqtai nazaridan yondashish  go‘zal ahloq-odob odati yoshlikdan yuraklarga singdirilib, bu toza qalb aksi, desak adashmagan bo‘lamiz.